Zulhijja qanday oy? Islom olami nega bu oyni boshqa eʼzozlaydi?
Keling, ertadan boshlanadigan zulhijja oyi haqida qisqacha maʼlumotlar, foydalar bilan tanishamiz.
Alloh taolo Qurʼoni Karimda bunday marhamat qiladi: «Tonga qasam. (Zulhijja oyidagi avvalgi) oʻn kechaga qasam. Juft va toqqa qasam» (Fajr surasi, 1-3-oyatlar).
«Juftga qasam»dagi «juft»dan murod, zulhijja oyining oʻninchi kuni, «Toq»dan murod esa toʻqqizinchi kunidir («Bayonul Qurʼon», 12-bet).
Foyda: «Durri mansur»da bir necha sanadlar bilan rivoyatlar keltirilgan boʻlib, unda Nabiy sollallohu alayhi vasallam oyatdagi «Oʻn kechaga qasamdan zulhijjaning oʻn kuni, «toq»dan zulhijjaning toʻqqizinchi, «juft»dan esa oʻninchi kuni iroda qilingan, deganlar («Xitobotul ahkom», 146 bet).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ibodat qilinadigan biror kun zulhijjaning oʻn kunidan koʻra Alloh taologa mahbub emas. Undagi har bir kunning roʻzasi bir yilga barobar. Undagi har bir kechada turish qadr kechasida turishga barobar», dedilar».
Termiziy va Ibn Moja rivoyat qilgan.
Zulhijjaning ushbu kunlari borasida bundan boshqa ham hadislar vorid boʻlgan. Lekin yuqoridagilarning oʻzi bu kunlarning qanchalik ulugʻ ekanligini anglatib turibdi.
Alloh taolo ertadan boshlanadigan zulhijja oyidagi avvalgi oʻn kunlikdan oqilona foydalanadigan, ikki dunyoimizga foyda keltiriadigan amallarni qilishda madodkor boʻlsin!
Maʼlumotlar «Qurbonlik soʻyishlar va aqiqaga oid masalar» kitobidan olindi
Изоҳ қолдириш