«Hilol-nashr» xatlar tanlovi
G‘oliblarning maktublari

Assalomu alaykum. Balki, mening “Hilol-nashr” bilan boʻlgan tanishuvim boshqalarnikiga oʻxshamas, lekin bu tanishuv mening hayotimdagi eng katta oʻzgarish boʻldi. “Hilol-nashr” va shayximiz kitoblarini ilk bor bundan 5 yil avval tanidim va oʻqishni boshladim. Mana 5 yildirki, turli kasalliklar bilan kurashib kelyapman, yoshim esa endigina 25 da.

Hayotimda birinchi bora bunday tashxislar bilan ogʻridim, baʼzan esa ana oʻlyapman deb ham oʻyladim. Xullas, hayotimning eng qorongʻi boʻlgan ushbu paytida birdan hayotimga nur boʻlib shayximiz kitoblari kirib kela boshladi. Esimda, bundan salkam 5 yil avval endigina operatsiya boʻlgandim, dadamga shifoxonadan chiqsam, shayx hazratlarining “Hadis va hayot” turkumidagi ilk kitoblardan olib berasiz, degandim. Kasal boʻlishimdan ham avval kitobxon edim, lekin shayximizning kitoblarini oʻqib koʻrmagan edim.

Nihoyat oʻsha kun keldi: uyga javob berishdi. Shu kuni dadam uyga qaytishlarida menga “Hilol-nashr”ning bosh doʻkonidan “Hadis va hayot” ning 1- va 2-juzlarini olib keldilar. Uyda yotarkanman, kitoblarni oʻqishni boshladim. Ha, 1-juzda hatto niyat qilib bu kitobni oʻqish ham savob ekanligini koʻrib yana ham qiziqib ketdim.

Ana endi kasallikdan singan bu koʻnglim asta-sekin oʻziga haqiqiy malham topdi. Shu tariqa asta-sekin har bir juzni oʻqib boraverdim. Koʻchaga chiqolmaganim sababli dadam menga kitoblarni tashiyverardilar. Ibodatlar qanchalik muhimligini tushunib bordim.

Sabrimga yarasha, yaʼni kasalliklarga sabr qilishimga yarasha ajr-savob olishim mumkinligini bildim. 5 yildan beri oilam va doʻstlarimdan boshqa hech kim bu sinovlarim haqida bilmaydi. Chunki dardimni hammaga aytmayman, sabr qilaman. Shayximizning kitoblariga shu darajada oʻrganib qoldimki, hatto universitetga ham koʻtarib borardim, koʻchaga chiqsam ham, bu siniq koʻnglim barchasiga sabr qilishni boshladi.

Avvallari bu kasalliklar yomon odam boʻlganim uchun jazomikan deb oʻylardim, lekin bemorlik ulugʻ maqom ekanligi, agar ushbu sinov payti inson yaxshi tomonga oʻzgarsa, balki ajr-savob ishlash muddati ekanligini bildim. Mana 5 yildirki, yuqorida aytganimdek, turli kasalliklar bilan ogʻriyman. Hozir ham boshimda kavernoma deb atalgan kasallik bor. Agar miya tomiri qonab ketsa, barchasi tugashi mumkin.

Lekin shukrki, shular bilan yurib ham, hatto xurujlar payti ham “Nega men?” demadim. Chunki Alloh menga shayximiz kitoblari orqali barchasini tushuntirdi. Baʼzan shifokordan qayta turib dadam “Hilol-nashr” ning bosh doʻkoniga olib kirardilar, tanla xohlagan kitoblaringni, derdilar, baʼzan esa dadamga yozib berardim. Shifokordan qanday kayfiyatda qaytmay, uydagilar nimalar olib berib koʻnglimni koʻtarmoqchi boʻlishmasin, “Hilol-nashr” va u yerdan sotib oladigan kitoblarimning kayfiyatini hech narsa berolmaydi.

Hozir kasallik biroz chekingan, lekin juda ham qiynalyapman, bularni sizlarga yozyapman-u, koʻzim toʻla yosh. 6 oydan beri bosh doʻkon yonidagi “Grand taʼlim”da arab tili oʻqiyapman. Kunora “Hilol-nashr”da hozirman. Baʼzan xurujlar boʻladi, kechqurun koʻproq.

Lekin ertalab tavakkal qilib yana shu yerga oshiqaman. Xuddi suvga choʻkayotgan odamga oʻxshayman. Kechasi nima boʻlsa boʻlib, erta tongda hoʻl kiyimlari bilan yana ilm olishga emaklab boʻlsa ham, ketayotgan odam. Ilm olsam, oʻzim uchun olaman, lekin hozirgi zimiston hayotimdagi yagona chiroq shu maskan, shu kitoblar, shu olimlar.

Baʼzan bosh doʻkonga kirvolib juda koʻp aylanaman, kitoblarni koʻraman, sotib olaman va bu meni hozirgi hayotimda baxtli qiladigan yagona damlardir. Shayximizning 50 dan ziyod kitoblarini oʻqib chiqdim, oʻqiyapman va Alloh qodir qilsa, yana oʻqiyman ham. Bu inson qoldirgan meros meni nurli yoʻlga yetaklayapti. Tilagim – Qiyomatgacha bu dargohlar ishlab tursin va hammaga ilm nurini taratsin.

Qorongʻi yoʻllarda men kabi qolib ketganlarga, qalbi siniqlarga va barcha moʻmin-musulmon odamga yoʻl koʻrsatsin. Agar ushbu soʻzlarni oʻqiguvchi inson ezmalangan yoki oʻzimni xuddi jafokashdek koʻrsatgandek boʻlsam, uzr soʻrayman, niyatim unday ham emas. Shayximiz aytganlaridek, ushbu kamtarona ishimizda biron kamchilik topsangiz, kamina xodimingizdan, foyda topadigan boʻlsangiz, Alloh taolodan deb bilgaysizlar, deb ushbu dil soʻzlarimni sizga yoʻllab qorongʻi xonada yana bir xurujdan soʻng yozayotgan Muxlisangiz... 2026-yil 11-sentyabr 22:21 da yozib boʻldim.

Bismillahir Rohmanir Rohiym... Qalbingiz huzurga, zavq-shavqqa toʻladigan makoningiz qaysi? Bormi sizda shunday bir makon? Menda bor.

Bunday joylar aslida men uchun oz. Ulardan eng qadrlisi “Hilol-nashr” doʻkoni... Yoshligimdan qalbimda kitob oʻqishga boʻlgan muhabbat borligi sabab oila aʼzolarimdan kitob olib berishlarini koʻp soʻrardim. Moddiy imkoniyatimiz sabab koʻp ham olib berishmas edi.

Yoshlikdagi xumorimni bosgan makon aynan shu joy edi: “Hilol-nashr” doʻkoni. Ilk bora Chilonzorda shayx hazratlarining kitoblari sotiladigan doʻkon borligini eshitganimda men bu joyni “Chilonzor” metro bekati oldida deb oʻylagandim. Keyinchalik Soʻgalli ota koʻchasida ekanini bildim. Birinchi marta borganimni aniq eslayman.

Bundan avval kitob doʻkonlariga deyarli bormaganimgami yo fayzli bir joy boʻlganigami, qalbim quvonchga toʻlgandi. Endi Qurʼon oʻqishni istab, arab harflarini oʻrganishni boshlagan paytim. Onam bilan borib “Muallimi soniy” kitobini sotib oldim. Shu-shu bu fayzli maskanga borish men uchun oʻzgacha hayajon bagʻishlaydigan boʻldi.

Menga hadya qilingan musʼhaflar ichida eng qadrlisi ham aynan shu maskandan olingani edi. Onam men uchun navbatda turib, 31 000 soʻmga sotib olganlari oʻsha musʼhafning qalbimda oʻzgacha oʻrni bor. Chunki undan bir yil avval aynan “Hilol-nashr”ga borib, pulim kamligi sabab musʼhaf sotib ololmay xomush uyga qaytgandim. Aniq eslayman, farzandim tugʻilish arafasi, 2018-yil edi.

Aynan shuning uchun menga qiyinchilik boʻlmasin deya onam navbatda turib sotib olgandilar. Uyda turib doʻkonning telegram kanalida kelgan rasmlarni kuzatib turardim. Doʻkon oldi odamlar bilan gavjum. Chunki bunday qulay narxda birinchi bor sotilishi edi.

Ichimda esa xavotir: ishqilib, menga yetarmikan?.. Men kabi koʻplab Qurʼon shaydolari uchun oʻzgacha tuhfa boʻlgandi bu musʼhaf... Onam telefon qilib “Oldim, qizim” deganlarida sevinchim ichimga sigʻmagan edi... Arab tilini oʻrganishga kirishganimda arab tilidan oʻqigan ilk kitobim “Mabdaul qiroat” edi.

Esimda, qish fasli, yanvar oyi edi. Qorli koʻchalardan yurib sevimli doʻkonimga borib sotib olgandim. Kitobning barakasi sabab arab tilini zavq ila oʻrganishni boshladim. Soʻng OTMga arab tili filologiyasi yoʻnalishiga oʻqishga kirdim.

Yaqinda magistraturani tugatdim. Shu 6–7 yil ichida arab tilidan koʻp kitoblar oʻqidim. Aynan “Mabdaul qiroat” kitobimning oʻrni boshqa. Shu kitobim ichiga “Ilohim, shu yil oʻqishga kiray” deb xat yozib solib qoʻygandim.

Qadri oʻzgachaligidan uni hech kimga hadya qilib ham berolmadim. Kutubxonamda alohida oʻringa ega. Shayximiz kitoblari koʻplab doʻkonlarda bor. Men ularni sotib olmoqchi boʻlsam, faqat va faqat “Hilol-nashr”ga boraman doim.

Nonni tandirdan uzilgan yerida yeyish, mevani daraxtidan terib olish men uchun yoqimliroq. Farzandlarim ham bu maskanni yaxshi koʻrishadi. “Oyijon, qarang, shayximiz” deb jilmayib turadi oʻgʻlim doʻkondagi ekranga qarab... 2020-yil Ramazon oyida “Tafsiri Hilol” ni oʻqishni niyat qilgandim.

Karantin sababli yoʻllar yopilgan. Doimgidek doʻkonga borishga imkon yoʻq. Xayriyatki, butun xalq uyda qolgan bir paytda “Hilol-nashr” doʻkoni xodimlari uyda oʻtirishmadi. Ilm tarqatish yoʻlida xizmat qilib, yetkazib berish xizmati orqali kitobxonlarga kitoblariga yetishishlariga sababchi boʻlishdi.

Shu qatorda men ham “Tafsiri Hilol” kitobiga erishdim... Siyrat boʻyicha eng sevgan kitobim – “Hadis va hayot” silsilasining 19-juzi – “Olamlarga rahmat Paygʻambar” ni avval “Hilol eBook” ilovasida oʻqigandim. Shu qadar yuragimdan joy egalladiki, bu kitobni sotib olmasam boʻlmas ekan, doim yonimda boʻlsin dedim. Hech qanday muammo yoʻq: axir “Hilol-nashr” bor-ku, ne gʻamim bor?

Shunday hisni har safar kitob sotib olishni, kimgadir hadya qilishni istaganimda tuyaman: “Hilol-nashr” bor-ku, ne gʻamim bor? Ustozim doktor Ubaydning kitoblari ham jonajon nashriyotimda chop etilgani ham mening baxtim. “Kamil”, “Fahmul maqru”, “Muxtorot” kitoblarini olish uchun yana oʻsha makon tomon chopaman. Agar ustoz hadya qilishga ulgurmagan boʻlsalar, albatta.

Sevimli masjidim “Koʻkcha”da namoz oʻqish nasib etmagan boʻlsa-da, tomosha qilgim kelsa ham, menga bahona tayyor: “Hilol-nashr”dan kitob olishim kerak! Dunyo matohlarini sotib olish uchun “Abu Saxiy”ga borganimda qalbimdagi gʻashlikni ketkazish uchun ham menga imkon bor: oxirat saodatiga yetaklovchi kitoblarni ham aynan shu bozor yaqinidagi doʻkonga kirib olishim mumkin...

“Hilol-nashr” sabab topilgan saodat Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuh. Ushbu goʻzal tanlovni tashkil etgan, maʼrifat ulashishda xizmat qilayotgan barcha tashkilotchilardan Alloh taolo rozi boʻlsin! Men uchun “Hilol-nashr” shunchaki nashriyot yoki doʻkon emas. Bu maskan, uning tadbirlar zali qalbimda kitobga, ilmga boʻlgan muhabbatni uygʻotgan ziyo maskanidir.

Yillar davomida ushbu nashriyot oʻtkazib kelayotgan tanlovlarda doimiy qatnashib kelaman. Ammo ular orasida bir xotira borki, u hayotimni va dunyoqarashimni butunlay oʻzgartirib yuborgan. 2024-yilning rabiul avval oyida “Hilol-nashr” navbatdagi kitobxonlik tanlovini eʼlon qildi. Ochigʻi, tanlovga kirishishdan koʻzlagan boshlangʻich maqsadim 2-oʻrinni egallash edi.

Chunki mukofot sifatida men orziqib kutgan “Tafsiri Hilol” toʻplami qoʻyilgandi. Shu ishtiyoq bilan “Hadis va hayot” silsilasining 19-juzini mutolaa qila boshladim. Biroq sahifalar ortgani sayin maqsadim oʻzgara bordi. Siyrat ilmidan bahra olganim sari shu paytgacha sarvari koinot Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yetarlicha bilmaganimdan, u zotning hayotlarini teran anglamaganimdan ich-ichimdan uyalib ketdim.

Ayniqsa, Toif safari haqidagi boblarni oʻqiganimda yuragim parcha-parcha boʻlib, koʻzlarim yoshga toʻldi... Tonggacha kitobdan uzilolmay, mutolaa qildim. Bomdod vaqti yaqinlashganda biroz koʻzim ilinibdi. Tush koʻribman...

Tushimda shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari kitob oʻqib oʻtirgan ekanlar. Shu vaqt yonlariga oppoq kiyimda bir zot kirib keldilar. Yuzlari nurdan koʻrinmasdi, ammo bu ikki olam sarvari Nabiyimiz sollallohu alayhi vasallam edilar! Habibimiz alayhissalom shayx hazratlarining qoʻllariga bir kitobni – “Xislatli hikmatlar sharhi”ni tutqazdilar...

Choʻchib uygʻonib ketdim. Yuragim hayajondan urib, koʻzlarimdan yosh quyilardi. Oʻsha daqiqalardagi qalbimni qoplagan cheksiz halovatni dunyoning hech bir matosiga, yuzlab sovgʻalariga alishib boʻlmasdi. “Hilol-nashr” tashkil etgan ushbu tanlov sabab boʻlib, Alloh taolo menga tushimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni koʻrishdek buyuk saodatni ravo koʻrgan edi.

Tasavvur qiling-a, aynan sizlarning sababingiz bilan! Endi qalbimda gʻolib boʻlish, “Tafsiri Hilol”ni qoʻlga kiritish kabi dunyoviy oʻylar umuman qolmagan, natija qanday boʻlishidan qatʼi nazar, cheksiz shukronada edim. Nihoyat gʻoliblar roʻyxati eʼlon qilindi. Mening ismi sharifim 2-oʻrinda turgandi.

Ichimda bir shukr qildim. Ammo biroz vaqt oʻtib, nashriyot admini aloqaga chiqib, tushunmovchilik boʻlganini, bir ishtirokchining natijasi tekshirilmay qolganini va u kishi 2-oʻringa oʻtganini aytib uzr soʻradi. Men esa 3-oʻringa tushgan edim. Roʻyxatga va 3-oʻrin mukofotiga qaradim-u, hayajondan qoʻllarim titrab ketdi...

3-oʻrin uchun beriladigan sovgʻa “Xislatli hikmatlar sharhi” kitobi edi! Aynan oʻsha kitob! Tushimda Habibimiz sollallohu alayhi vasallam hazratimizning qoʻllariga tutqazgan oʻsha kitob! Oʻsha kuni bu kitobni xuddi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak qoʻllaridan olgandek his qildim.

Ushbu voqea va “Hilol-nashr” tashkil etgan bu tanlov hayotimda eng goʻzal xotira boʻlib qoldi. Sizlarga cheksiz tashakkurlarim boʻlsin!

Samarqanddan “Hilol-nashr” bosmaxonasigacha Mening sevimli “Hilol-nashr” jamoamga... Asli Samarqandlik, “Hilol-nashr”ning sodiq mijozlaridan biriman. “Hilol-nashr” Samarqand shahrida oʻz doʻkonini ochishi bilan u yerdan kitoblar ola boshlaganman. Uy bekasi boʻlganim sababli doʻkonga tez-tez borish imkonim boʻlmasdi.

Shunda onlayn savdo men uchun juda qulay boʻlgan. Sizlarga buyurtma berardim va keyingi kitoblarimni sabrsizlik bilan kutardim. Uydan chiqmay kitob oʻqib, oʻz dunyoyim bilan yashardim. Hatto onlayn buyurtma qilgan kitoblarimning hisob varaqlarini ham, katta yelim paketlarini ham tashlab yubormasdim.

Ularni yigʻib qoʻyardim. Chunki ular men uchun oddiy qogʻoz yoki paket emas, sevimli kitoblarim bilan bogʻliq bir xotira edi. Hali ham ularni saqlab qoʻyganman. Ularni sizlarga rasmga olib yuboraman.

️ Kitoblarim kelganida esa yana bir odatim bor edi: kitoblarni uzoq hidlab oʻtirardim. Yangi kitobning oʻsha oʻzgacha, yoqimli hidi menga juda yoqardi. Oʻsha paytda bilmagan ekanman... Bir kuni taqdir taqozosi bilan oilamiz bilan Toshkentga koʻchib keldik.

Endi esa “Hilol-nashr”ning bosh doʻkoni uyimga yaqin edi. Shunday qilib kitoblarimni bosh doʻkondan olib oʻqiy boshladim. Ilk bor bosh doʻkonga kirgan kunimdagi hayajonimni soʻz bilan taʼriflash qiyin. Qalbim entikib, juda xursand boʻlgandim.

Men uchun bu shunchaki doʻkonga kelish emas, balki uzoq yillik orzuyimning amalga oshishi edi. Sevimli kitoblarimni koʻrish, qoʻlimga olish, varaqlash va aynan shu yerdan xarid qilish men uchun katta baxt edi. ️ Oradan bir yarim yil oʻtib, oilamiz hayotida bir sinovli davr keldi. Oʻsha paytda xoʻjayinimga yordam berish uchun tezda ish topishim kerak edi.

Ikki kun juda qattiq stressda yurdim. Chunki ilgari hech qayerda ishlamaganman, yillar davomida uy bekasi boʻlganman. Qayerdan boshlashni ham bilmasdim. Uchinchi kuni esa taqdir taqozosi bilan, qilgan duolarimning ijobati boʻlsa kerak, “Hilol-nashr” telegram kanalidagi bir eʼlonga koʻzim tushdi: “Bosmaxonaga ishchi kerak.

Operator yordamchisi”. Koʻzlarimga ishonmadim. Xoʻjayinim bilan maslahatlashib, uning roziligini oldim va suhbatga bordim. Shundan soʻng sinov muddati bilan ishlay boshladim.

Soddaligimni qarang-a... Avvaliga “operator yordamchisi” degan ishni operator telefon orqali buyurtmalarni qabul qiladi, men esa unga yordam beraman deb tushunibman. Rezyumega esa faxr bilan: “Hilol-nashr”da chop etilgan barcha kitob nomlari va ularning muqovalarini deyarli yoddan bilaman” deb yozib qoʻygan ekanman. Ammo keyin bildimki, meni kitoblarning butunlay boshqa bir olami kutib turgan ekan.

Men bosmaxonada oʻzim sevgan kitoblarning oddiy qogʻoz holidan boshlab haqiqiy kitobga aylanishigacha boʻlgan jarayonning guvohi va ishtirokchisiga aylandim. Qogʻozdan boshlangan jarayon... sahifalar... muqovalar...

kitob holiga kelishi... va nihoyat oʻramga joylanishigacha... Bir paytlar Samarqandda uyimda oʻtirib, sabrsizlik bilan buyurtma qilib kutgan kitoblarimning qanday tayyorlanishini endi oʻz koʻzim bilan koʻrardim. Va eng hayratlanarlisi – oʻsha yoqimli kitob hidi endi uyimda emas, ishxonamda men bilan.

2021-yil, tojdor virusning xavfi va ogʻir oqibatlari hali ham insoniyat xotirasidan batamom oʻchmagan, oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirish maqsadida tayyorlanib yurgan kezlarim edi. U vaqtda hali oʻzimning shaxsiy smartfonim yoʻq, faqat onda-sonda dadamning telefonlaridan foydalanardim. Ana shunday kunlarning birida dars tayyorlashda foydalanish maqsadida dadamning telefonlarini oldim, lekin telefonning dasturlarini orasida YouTube ijtimoiy tarmogʻining borligini koʻrib, dars tayyorlash ham yodimdan chiqdi. Birin-ketin videolarni tomosha qila boshladim.

Biroz vaqt oʻtgach, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vassallamning siyratlariga bagʻishlangan koʻrsatuvning qisqa lavhasini koʻrib qoldim. Bu qisqa lavha ostida Islom.uz portalining rasmiy yutub sahifasi nomi turgan edi. Qiziqishim ortib sahifaga kirdim va koʻrsatuvning toʻliq qismini koʻrib tomosha qildim. Koʻrsatuvning nomi “Siyrat yogʻdusi” edi.

Koʻrsatuvni koʻrish davomida Muhammad sollallohu alayhi vasallamga, u zotning siyratlarini oʻrganishga boʻlgan qiziqishim kuchaydi. Oʻz navbatida koʻrsatuv ijodkorlari Qamariddin Bekmuhammmad aka va Yorqin akaga boʻlgan ixlosim ortib bordi. Talaba boʻlsam, ular bilan uchrashish niyatini qalbimga tuydim. Oradan vaqt oʻtib, Alloh taolo talaba boʻlish baxtiga muyassar ayladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Qamariddin aka oʻqigan qisqa sheʼriy parchalarni, hikmatli soʻzlarni koʻrib eshita boshladim. Bilsam, bu sheʼrlar “Hilol-nashr” nashriyotida yoʻlga qoʻyilgan “Kitobxonlik maktabi” loyihasining darslarida oʻqilgan ekan. Bir necha marta “Kitobxonlik maktabi” darslariga borishga harakat qildim, biroq maktab darslari universitetdagi darslarga toʻgʻri kelib qolganligi tufayli ishtirok eta olmadim. 2023-yil oktyabr oyi ilk bor “Kitobxonlik maktabi”ga bordim.

Ilk ishtirokim masnaviyxonlik darsiga toʻgʻi keldi. Hayajon kuchliligidan majlislar zalining soʻnggi qatoriga oʻtirdim. Darsni tasvirga oluvchi akalardan birlari oldingi qatorga oʻtishimni soʻradilar, oldingi qatorga oʻtirdim. Hali dars boshlangani yoʻq, yonimdagi oʻrindiqqa bir moʻysafid inson kelib oʻtirdilar.

U kishiga salom berdim, alik oldilar va ismimni soʻradilar. Oʻzimni tanishtirdim, talaba ekanligimni aytdim, u kishi ham oʻzlarini tanishtirdilar. “Nima maqsadda keldingiz?” “Ijtimoiy tarmoqlar orqali “Kitobxonlik maktabi” loyihasi haqida eshitib, darslarda mehmon boʻlgan ustozlarning nutqlarini koʻrib, kelishga ishtiyoqim kuchaydi. Bugun masnaviyxonlik darsi ekan”.

“Masnaviy”ni kim yozgan?” deya savol berdilar. “Rumiy”, deb javob berdim. “Rumiy bilan birga maktabda toʻp tepib, futbol oʻynaganmisiz?” deya hazil aralash savol berdilar. Biroz tushunmagandek boʻldim.

“Oʻgʻlim, – deya soʻzlarida davom etdilar. – Kitob oʻqigan, maʼrifiy tadbirlarda ishtirok etgan yaxshi, shu bilan birga, oʻqigan kitobingizni yozgan yozuvchiga boʻlgan hurmatni ham oʻrniga qoʻyish lozim. “Rumiy” emas, “Mavlono Jaloliddin Rumiy” desangiz, odob bilan soʻzlagan boʻlasiz. Kattami, kichikmi, koʻrganmisiz, koʻrmaganmisiz, gapirayotgan insoningizning ismini odob va hurmat bilan tilga oling”, dedilar va tabassum qildilar.

Hali dars boshlanmasidan oʻzim uchun ilk saboqni oldim. Shundan keyin imkoniyat boʻldi deguncha “Hilol-nashr”ga kelishga, “Kitobxonlik maktabi”ga qatnashishga harakat qilaman. Chunki bu maskan men uchun shunchaki kitob sotiladigan yoki maʼrifiy darslar oʻtiladigan joy boʻlib qolmadi. Bu yerda men kitobdan tashqari kitobga munosabatni, ilmga muhabbatni, ustozga hurmatni, soʻzga eʼtiborni va eng muhimi, odobni oʻrganib boryapman.

Oradan yillar oʻtdi. Ammo 2023-yil oktyabr oyida ilk bor “Kitobxonlik maktabi”ga kelgan kunimda yonimda oʻtirgan oʻsha nuroniy insonning “Mavlono Jaloliddin Rumiy” deb odob bilan soʻzlashni oʻrgatganlari hamon yodimda. Oʻsha kuni men dars boshlanmasidan avval bir darsni oʻqib boʻlgan edim. Balki “Hilol-nashr”ning men uchun eng katta xizmati ham shundadir: u menga faqat kitob oʻqishni emas, balki kitobdan toʻgʻri foydalanishni, oʻqiganlarimni hayotimga tatbiq etishni oʻrgatdi.

Bugun ortga qarab, 2021-yilda dadamning telefonida tasodifan koʻrib qolgan “Siyrat yogʻdusi”dan boshlangan qiziqishim meni “Hilol-nashr” eshigigacha olib kelganini oʻylayman. Oʻsha paytda men shunchaki bir koʻrsatuv tomosha qilgandim. Ammo Allohning izni bilan oʻsha kichik qiziqish qalbimda katta bir yoʻlning boshlanishi boʻlibdi. Aziz “Hilol-nashr” jamoasi!

Sizlarni 15 yillik muborak sana bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman. Sizlarga yana koʻp yillar davomida ilm-u maʼrifatga oshno qalblarga yoʻl koʻrsatish, kitobsevar avlodni tarbiyalash va ezgu soʻzlarni insonlar qalbiga yetkazish nasib etsin. Men esa “Hilol-nashr” bilan bogʻliq xotiralarim hali koʻp yillar davom etishiga ishonaman. Chunki ayrim maskanlarga inson mehmon boʻlib boradi va qaytib ketadi.

Ayrim maskanlar esa inson qalbida oʻziga joy quradi. “Hilol-nashr” men uchun ana shunday maskanlardan biriga aylangan. 15 yoshingiz muborak boʻlsin, aziz “Hilol-nashr”! Kitoblaringiz koʻpayaversin, kitobxonlaringiz safi kengayaversin, qalblarga sochayotgan maʼrifat nuringiz esa hech qachon soʻnmasin!

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuh. “Hilol”ni “Hilol” qilgan hamma-hammaga. Alloh sizlardan rozi boʻlsin, shayx hazratning joylarini jannatdan qilsin, u zot bilan Firdavsul aʼlolarda diydorlashish nasib qilsin. Men uchun “Hilol-nashr”ning hamma filiallari qadrli, har doim kitoblarimni Xadra filialidan olaman, doim suhbatlarga qatnashish uchun Chilonzor filialiga boraman.

Chorsudagi doʻkonga 1 martagina borganman, lekin men uchun eng qadrlisi shu. Chunki men u doʻkondan “Tafsiri Hilol”ni olgandim. Talabaman. Oʻqishning oxirgi oyi edi, yaʼni may oyi.

Oilamdagilar odatda 1 oy ishlatadigan pulimni oldindan berib qoʻyishardi, u pulni keyingi oygacha yetkazishim kerak edi. May oyida ham shunday boʻldi. Pul berishdi. Men “Tafsiri Hilol”ni sotib olishni juda ham xohlab yurgandim, lekin sotib olsam 1 oy davomida ishlatishim uchun yonimda pul qolmasdi.

Pulimni iloji boricha ishlatmaslikka harakat qilib yurdim. Balki, ketgunimcha kimdir pul berib qolar deb. Bir kuni darsdan chiqayotganimda “Hilol-nashr”ning telegram kanaliga xabar kelib qoldi. Toshkent shahridagi Chilonzor va Chorsu filiallaridagina “Tafsiri Hilol” qoldi, boshqa doʻkonlarimizda tugadi deb.

Agar sotib olmasam, pul yigʻishim bekor ketardi, chunki yangi nashr chiqqunicha men viloyatga ketib qolardim va yana bir yozni “Tafsiri Hilol”siz oʻtkazishimga toʻgʻri kelardi. Nima boʻlsa, Allohdan, 1 oyni amallab oʻtkazarman, dedim-u dugonam bilan Chorsudagi doʻkonga yoʻl oldim. Xaritadan qidirib amallab doʻkonni topib bordik, juda ham shinamgina doʻkon ekan. Koʻzlarimiz toʻrt boʻlib “Tafsiri Hilol”ni qidirdik, lekin hech topolmadik.

Ich-ichimdan juda ham xafa boʻldim. Oxiri sotuvchidan soʻragandik, 1 dona qolgan ekan, tepadan olib berdilar. Oʻsha kuni Toshkentda mendan kambagʻal va mendan baxtli talaba yoʻq edi. Qoʻlimda faqat talabalar uchun transport kartasi bor edi va meni shu xotirjam qilardi.

Boshqalar uy yoki mashina olganida qanchalik xursand boʻlsa, men “Tafsiri Hilol” olganim uchun ulardan-da xursand edim. Albatta buni nishonlash kerak edi, har holda hech qayerda ishlamaydigan talaba qiz 800 000 soʻm atrofida turadigan kitobni sotib olishi bu katta yutuq. Keyin yoʻllarda adashib bir amallab Islom sivilizatsiya markazini topib borib, oʻsha yerdagi daraxtlar tagida oʻtirib, tilla sandiqni ochgandek “Tafsir”imni ochdim va toʻygunimcha rasm, videolarga olib, esdalik uchun saqlab qoʻydim. Och qolganimda boshim aylanib, sal tobim qochadigan odatim bor.

Shuning uchun ayam doim och yurmagin, deydilar. Aynan shu oyda shu gapni juda koʻp telefon qilib aytdilar. Yana bir odatim bor: kitob sotib olsam yoki sotib olmoqchi boʻlsam, qornim och qolmaydi. Bunga oʻzim ham hayron qolaman.

Allohning ilm yoʻlida meni qoʻllashi shudir, deyman. Shunday qilib bir oyni qornim och qolmasdan oʻtkazdim. Har holda yeyishga narsalarimiz bor edi. Koʻchalardan, doʻkonlardan hech narsa olmadim.

Lekin men juda ham baxtli edim, yuzimda doim tabassum. Kim soʻrasa, “Tafsiri Hilol” oldim, deb aytardim. Bir kuni bir kursdoshim telefonimdan qoʻngʻiroq qilib olishni soʻradi, puli tugagan desam: “800 mingga kitob sotib olguncha telefoningizga 50 ming tashlasangiz boʻlmaydimi?” dedi. Shunda men: “Tafsiri Hilol” uchun 800 ming ham arzon, telefonimga tashlash uchun 50 ming ham koʻp”, dedim.

Taʼtil ham boshlandi. Uyga bordim. Uydagilarimga kutubxonadan oldim, sentyabrda qaytarishim kerak, dedim. shunday demasam boʻlmasdi-da.

Keyin tugʻilgan kunimda dugonam shaxsiy muhr sovgʻa qildi. Uydagi hamma kitoblarimni muhrlab chiqdim, shunda “Tafsiri Hilol”ni ham muhrlab qoʻyibman-da. Singlim koʻrib qolib: “Oʻzi bilgandim kutubxonaniki emasligini”, deb ayamga aytib berdi. Rosa gap eshitdim.

Albatta, kitob sotib olganim uchun emas, 1 oy pulsiz shaharda yurganim uchun. Bugungi suhbatda oʻsha muhrni Gʻiyosiddin Yusuf ustoz koʻrib, maashaalloh, deb kulib qoʻydilar. Agar kimdir mendan “Qoʻlingdagi eng qimmatli va eng qiymatli narsa nima?” deb soʻrasa, 1 oy nafsimni tiyish evaziga olgan “Tafsiri Hilol”im, deyman.

Qalbimning tub-tubidan joy olgan qadrli “Hilol”im, yangi oyim. Tanlov eʼlon qilingandan beri sen haqingda nima yozsam ekan degan oʻy menga hech ham tinchlik bermayapti. Sen bilan bogʻliq xotiralarim shu darajada koʻpki, uning hammasini oqqa koʻchirishga, hislarimni ochiq-oydin ochib berishga erisha olarmikanman?.. “Hilol-nashr” ochilgan yilning ilk kunlarda “Ustozlardan shayximiz Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining doʻkonlariga borishni istaganlar bormi?” deya oʻqituvchilardan eʼlon keldi.

Eʼlonga qoʻshimcha qilib, boradigan oʻzlari bilan oz boʻlsa-da mablagʻ olib olishlari soʻraldi, chunki u yerda foydali, qiziqarli va yaxshi kitoblar bisyor edi. Koʻplab bolalar u yerga borishdi. Alloh esa meni boshqa eng xayrli kunga qadar bormasligimni yozgan ekan. Ijtimoiy tarmoqlarda doim “Hilol”ni kuzatar, Tohir Malik bilan boʻlgan uchrashuvni qayta-qayta koʻrar, qanday borsam ekan deya yoʻl qidirar edim.

Dugonlarim bilan borishga ruxsat soʻradim, ammo yoʻlni yaxshi tushunmasligim uchun adashib qolishim mumkin deya ruxsat tegmadi. Ammo borish niyatimdan hech ham qaytmadim. Alloh nasib etib, 2017-yili qish faslida dadam bilan bordim. Mashinadan tushar ekanman, ichimni hayajon qamrab oldi, nahotki men oʻsha yerdaman, voy, mana, “Hilol-nashr” deb yozib qoʻygan va mana oʻsha yashil “Hilol” logotipi.

Oʻsha vaqtdagi hislarimni tasvirlab bera olmayman. Ichkari shinam, odam bilan gavjum. Hamma kitob tanlash, ularni oʻqish bilan ovora. Boshqa olamga tushib qolgandek his qildim oʻzimni.

Kitoblar orasidan aylanib, aylanib hech ham toʻymadim. Boshqa kitob doʻkonlaridan farqli oʻlaroq disk va fleshkalarni eshitish uchun quloqchinlar borligi diqqatimni tortdi. Eng yodimda qolgan xotira sotuvchilarning goʻzal xulqi boʻldi. Hozir ham faoliyat yuritadigan Rahmatullohdan juda yaxshi tavsiya olgandim.

Qurʼonning 2 xil tarjimasi haqida disk bor ekan. Qay birini tanlashni bilmayman. Ulardan yordam soʻrasak, nigohlarini yerdan uzmagan holatda har biri haqida batafsil maʼlumot berdilar. Va men oʻzimga eng mosini oldim.

Oʻsha kuni insonlarning goʻzal xulqi, nigohlarni saqlash va ravon, dona-dona qilib soʻzlash har bir insonga qandaydir goʻzallik bagʻishlashi, chiroyli xulq hammani oʻziga tortishiga yana bir bor amin boʻldim. Keyingi va undan keyingi borganlarimning bari eng shirin xotiralarimdan biriga aylandi. Men uchun “Hilol” nafaqat ilm, balki goʻzal axloqqa ham targʻib qiluvchi maskan boʻldi. Shirin xotiralarim adminlar bilan boʻldi.

Yordam berishdan hech ham ogʻrinmaydigan, hech bir xabaringizni javobsiz qoldirmaydigan adminlarga rahmat. Xotiralarni yana varaqlar ekanman, ilm tarqatishga sababchi boʻlgan “Hilol-nashr” haqidagi videorolik boʻlgan. Universitetning 2-kurs talabasi edim. Oʻzingizga yoqqan soha boʻyicha ingliz tilida video tayyorlab, uni yoritib bering, deyishdi.

Hech ikkilanmay “Hilol-nashr” bosh doʻkonida “Hilol” haqida video olishga kelishdik. Xayrli ishning yoʻlini Alloh ochib qoʻyadi, deyilganidek, ishimiz avval “Hilol-nashr” nashriyotidan video olish uchun ruxsat soʻrash boʻldi. Bunda ham Alloh ishimni oson qildi. Chorsu filialida faoliyat yurituvchi Sanjar va Ahmad akalarning yordami bilan kerakli raqamni topib, ruxsat oldim.

Yaqin dugonam bilan kunini tayin qilib, oʻsha orzuyimdagi maskanga yoʻl oldik. Avvaliga koʻchadan borishni bilmaganimiz bizni rosa oʻylantirdi. Alloh mehribon, metroda ayni Chilonzorda turuvchi xodim bilan gaplashib, borish yoʻlini yanada yaxshi bilib oldik. Yetib ham keldik.

Yuragim sevinchdan hayqirardi. Hamma bilan salomlashib, ishimizni boshladik. “Hilol-nashr” haqida video olish ham qiziqarli, ham masʼuliyatli edi. Har bir soʻzimizni oqqa koʻchirib, yaxshilab tayyorlandik.

Eng kutilmagan hodisa – bizga Erkin Malik yozuvchimizni suhbat qilishga qoʻshib berishdi. Biz hayron edik. Oʻzimizga oʻzimiz aytamiz, axir biz atigi 2-kurs, kichkina qizlar boʻlsak, na mikrofon, na videokamera bor. Faqat telefon bilan kelgandik.

Hayajonni yashirishga urinib Erkin Malik bilan juda chiroyli suhbat qurdik. Suhbat orasida ularga shaxsiy savollarimizni ham berdik. Hayotiy maslahatlar oldik. Ulardan motivatsiya olgandek boʻldik.

Video olishimizda, materiallar yigʻishimizda “Hilol-nashr” nashriyoti xodimlari hech ham yordamlarini ayashmadi. Endi video olindi, navbat ularni ingliz tiliga tarjima qilishga yetdi. Har bir gapni tarjima qilib, montaj qildik. Chiroyli chiqishi uchun musiqalar qoʻydik.

Qoʻlimizdan kelganicha yaxshi ochib berishga intildik. “Hilol”ga boraverganimizdan ana, videochi qizlar kelyapti, deb ham kutib olishardi. Qilayotgan ishimizga mehr bilan yondashardik. Ketish oldidan ustozimiz va kursdoshlarimiz uchun kitob va xatchoʻplarni sovgʻaga olishni ham unutmadik.

Video topshirish vaqti yetdi. Katta ekranga qoʻyib, kursdoshlarimiz va ustozimizga qoʻyib berdik. Hammaga yoqdi. Video soʻngida “Hilol-nashr” haqida oʻzimizning ham fikrlarimizni boʻlishdik.

Koʻpchilik doʻkon haqida bilmas ekan, ularga maʼlumotlar yangi boʻldi va borishga ragʻbat bildirishdi. Sovgʻalarni ulashganimizda ularning yuzidagi tabassum butun umr yodimizda qoldi. Endi esa video olishga yordam bergan xodimlar va Erkin Malikka oʻzimiz chin qalbimizdan nimadir berishni niyat qildik. Universitetimiz rahbariyatidan ruxsat olib, universitetimiz logosi tushirilgan narsalar va oʻzimiz ustozimiz bilan ingliz tilida yaratgan tashakkurnomani taqdim qildik.

Toʻgʻri, sovgʻamiz kichkina, ammo ularni berish bizga qandaydir quvonch baxsh etdi. Sovgʻalarimizni egalariga topshirdik. Ular ham xursand boʻlishdi, Erkin Malikdan duolar oldik. Shu video sababli Erkin Malikdan olgan maʼlumotlarim menga video uchun olgan bahoyimdan-da kerakli boʻldi.

Bu orada “Hilol-nashr” kutubxonasiga ham aʼzo boʻldik. Oʻzimizga kerakli, toʻgʻrisini aytganda, olishga mablagʻim yetmagan kitoblarni olib maza qilib mutolaa qildik. “Hilol-nashr” menga oʻz uyimdek boʻlib qoldi. “Hilol-nashr”ga borganda maza qilib “Kitobxonlik maktabi”da qatnashdik.

Ustozlar bilan suhbat shunday ajib ediki, taʼriflashga ojizman. Bu orada shayximiz Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning masjidlariga kirishni ham unutmadik. Video ishimizning xayri men bilan video olishga borgan dugonam “Hilol-nashr” nashriyotida faoliyat yurituvchi inson bilan nikohlanishlari bilan yanada ajib boʻldi. Gaplashsak, hozir ham hazillashamiz video olishga borib, oila qurib ketding deb.

Hozir baxtli farzandlari bilan yashashyapti. Oʻzim esa niyatimga tortib “Hilol-nashr” doʻkoni bor yaqin joyga – Koʻkchaga kelin boʻldim. Nimadir kitob kerak boʻlsa, yaqingina shu yerga chiqib kelaman. Va eng qattiq niyat qilgan narsam shayximiz Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf asos solgan “Hilol” jurnalida maqolam bosilib chiqdi.

Bu men uchun eng katta baxt. Bundan tashqari, kelinlik oilamni ham “Hilol-nashr” bosh doʻkoniga olib bordim, masjidda ibodat qilishni ham unutmadik. Bir video sabab “Hilol-nashr” nashriyotidan yaqin dugonalar orttirdim, bilmaganlarimni oʻrgandim, men ham oz boʻlsa-da ilmga targʻib qildim va 2 yoshning oila qurishiga sabab boʻldi. “Hilol” qalbimning bir parchasi va oilamga aylandi-qoldi.

“Hilol”, sen bilan qanday ajoyib xotiralar bor-a... Xotiralarim bisyor, ammo sizlar bilan men uchun eng qadrlilarini boʻlishishga harakat qildim. Xatimdagi noʻnoqlik, kamchiliklar uchun maʼzur tuting. “Hilol-nashr”ning barcha xodimlariga cheksiz hurmat ila Muxlisa

2024-yilning oxiri edi. Telegram sahifalardan birida hazratning kitoblarini ketma-ket oʻqish loyihasi boshlanayotganini oʻqib qoldim. Loyiha 1-yanvardan boshlanar ekan... Birinchi kitob - “Iymon”.

Shahardan uzoqda yashaganimiz va dam olish kunlari boʻlgani uchun bu kitobni sotib ololmasdim. Lekin hozir boshlamasam, keyin qolib ketadi degan fikr boʻldi. Keyin esa bir qarindoshimizda “Iymon” kitobi borligi esimga tushib qoldi. Kitob ayni bizning uyimizda ekan...

Shundan soʻng kitobni oʻqiy boshladim. Bundan oldin koʻp kitob oʻqigan emasdim. Lekin “Iymon” kitobini oʻqiyotgan paytimda kitoblarga muhabbat qoʻya boshladim. Reja boʻyicha har kuni 50 bet oʻqilishi va konspekt qilinishi kerak edi.

Taʼtil boʻlgani uchun 50 betni bemalol oʻqib qoʻyardim. Keyin boshqa kitoblarni ham qoʻshib oʻqishni boshladim. Shunday qilib yanvar oyida jami 10 ta kitob oʻqidim. Bu men uchun juda katta motivatsiya boʻlgan edi.

Shundan soʻng har oy oʻqigan kitoblarim sonini yozib boradigan boʻldim... “Iymon” kitobini tugatgandan soʻng tartib boʻyicha ikkinchi kitob – “Sof tabiat dini”ni olish uchun birinchi bor “Hilol-nashr”ning Jizzax filialiga bordim. Har bir kitobni tugatganimdan soʻng keyingisini olish uchun koʻpincha “Hilol-nashr” doʻkoniga borar edim. Kitoblarning sifati, narxlari va juda koʻp kitoblar borligi menga ancha qulaylik tugʻdirgan edi...

Oylar oʻtib borar edi. Yil oxirida roʻyxatimda 90 dan ziyod oʻqigan kitobim roʻyxati bor edi. Bu men uchun katta yutuq edi. Hazratning kitoblarini oʻqish tartibi boʻyicha 2-bosqichni oʻqib tugatgan edim.

Oʻsha yillar oʻrgangan narsalarim juda koʻp edi. Fikrlashim ancha oʻzgargan edi. Hazratning yana qanday kitoblari bor, keyingi bosqichlarda qanday kitoblarni oʻqiyman deb “Hilol-nashr” telegram kanalida, saytida va “Hilol” ilovasiga nomlarini yozib, kitob haqida oʻqirdim. Instagramdagi shu kitoblar haqidagi videolarni koʻrib oʻtirardim.

Hali olmagan kitoblarim haqida qayta-qayta koʻraverib yod boʻlib ketgan edi. Hazratimning barcha kitoblarini oʻqishni niyat qilgandim. Ularning barchasining nomi, koʻrinishi, hajmi, muqovasi men uchun yod boʻlib ketgan. Vaholanki, ularning barchasini ham oʻqimaganman yoki sotib olmaganman...

Bu yil esa yana koʻplab kitoblar xarid qildim. “Hilol-nashr”da chegirma boʻlsa, albatta kitob olmay qoʻymayman. “Hadis va hayot” toʻplami, “Tafsiri Hilol”, “Odoblar xazinasi” kitoblarini shu chegirmalarda xarid qilgan edim. Hozir 3-bosqichdagi “Odoblar xazinasi” kitobini oʻqiyapman.

Hazratning buyuk zamondoshimizning qanday darajadagi kitoblarini sharh qilib, xalqimizga taqdim qilganini angladim. Chunki kitobda juda kerakli mavzular yoritilgan. Ota-ona, farzand, qarindoshlik aloqalari, qoʻshnichilik, umuman olganda, hayotimizdagi barcha jabhalarni qamrab olgan. Insonlarning qanday holatga qanday munosabatda boʻlishi kerakligi juda ajoyib tarzda yoritilgan.

Kitobni oʻqib, har bir oilada shu kitob boʻlishi shart ekan degan fikr keldi. Bundan tashqari, imom Buxoriy haqidagi tasavvurim ham oʻzgardi. Hattoki koʻpchiligimiz doim tilimizni uzun qilib “Buxoriyning yurtidanman” deymiz-u, lekin Imom Buxoriyning bitta ham kitobini oʻqimaganmiz. Buning sababi Buxoriyning asarlari xalqimiz orasida keng tarqalmagani, kam sondaligi yoki nashr etilmagani boʻlsa kerak.

Shayx hazratlari shu muammoni ham hal qilib ketgan ekanlar... Kitobni oʻzlari sharh qilib, oʻzlari nashriyotga asos solib, oʻzlari butun mamlakatimiz boʻylab tarqalishiga sabab boʻlgan ekanlar... Avvallari kitoblardagi muqaddima va xotima qismlarini oʻqishni uncha yoqtirmas edim. Lekin shayx hazratlarining kitoblaridagi muqaddima va xotimalarni diqqat bilan oʻqiydigan boʻlganman.

Chunki hazratning oʻz fikrlari, xotiralari, hayoti davomida boʻlgan voqealarini asosan shu boʻlimlarda aytib oʻtadilar. Baʼzida bu boʻlimlar qisqa yozilgan boʻlsa, biroz mahzun ham boʻlaman... Hazratim haqidagi har bir xotira, ularning hayot yoʻllari men uchun juda qiziq-da. Shu-shu kimga qachon kitob tavsiya qilsam, albatta ichida “Hilol-nashr” kitoblari, ularning ichida esa albatta shayx hazratlarining kitoblari boʻladi.

Hozir kichik kutubxonamda 2 yil ichida 200 dan ziyod kitob yigʻilgan boʻlsa, shulardan 100 taga yaqini “Hilol-nashr”ga tegishli... “Hilol-nashr” mening xotiralarimning toʻridan joy olgan va olib kelmoqda. Kelajakda buni faxrlanib yodga olaman. Sababi mening kelajagim kitoblar ustiga bino boʻlyapti.

Men ayni kerak boʻlgan paytda – 15 yoshimda taqdir taqozosi bilan kitoblarga muhabbat qoʻydim va bunda “Hilol-nashr”ning oʻrni beqiyosdir.

Assalomu alaykum, “Hilol-nashr”. Sizlar bilan bogʻliq xotiralarim juda koʻp. Ammo ularning eng qadrli va iliq davri, ayniqsa, 9–10-sinflik paytlarimga borib taqaladi. Oʻsha paytlarda kitob oʻqishni juda-juda yaxshi koʻrardim.

Har kuni hech boʻlmasa bitta moʻjazgina kitobni oʻqib tugatishga harakat qilardim. Yetkazmani intizorlik bilan kutardim. Yetkazib berish bepul ekanligi haqida eʼlon chiqsa, ozgina pulim boʻlsa ham, xursandchiligim ichimga sigʻmasdi. Shayximizning bor-yoʻgʻi 2–3 ta kitobini buyurtma qilardim.

Yetkazib beruvchi damasda kelib, mashinaning orqa qismi kitoblarga toʻla ekanini koʻrsam, havas bilan qarardim: “Qaniydi menda ham shuncha kitob boʻlsa…” derdim. Keyinchalik uyimizga yaqin, Yunusobodda “Hilol-nashr”ning yangi filiali ochildi. Oʻsha kundan boshlab kitobga boʻlgan muhabbatim yanada boshqacha tus oldi. Oʻrtogʻim bilan tanaffus paytlarida yugurib borardik.

Deyarli har kuni soat 10:05 dan oshib “Hilol-nashr”ga kirardik, kitob tanlab olardik-da, yana maktabga qaytardik. Ertasigacha esa oʻsha kitobni oʻqib tugatardim. “Abdulloh ibn Muborak”, “Hasan Basriy” kabi kitoblar oʻsha davrimning eng goʻzal xotiralaridan boʻlib qolgan. Maktabga beriladigan pullarimni yigʻardim, hatto qaytimlarini ham olib qoʻyardim.

Chunki men uchun oʻsha pullarning eng yaxshi sarfi kitob edi. Yana bir kun juda aniq esimda… Maktabimizda katta osh boʻlayotgan edi. Ustozlar, sinfdoshlar – hamma tadbirda edi.

Faqat men va bir dugonam qolmagandik. Dugonamni “Hilol-nashr”ga birinchi marta olib borayotgan edim va ich-ichimdan juda hayajonlanardim. Tadbirni tashlab “Hilol-nashr”ga bordik. Oʻsha kuni “Imom Aʼzam” kitobini sotib olganman.

Dugonamga esa “Isrof” kitobini hadya qilganman. Yana bir katta orzum bor edi – “Hadis va hayot” kitoblarini varaqlab, ularni qoʻlimda ushlab oʻqish. Ammo oʻsha paytlarda imkoniyatimiz yetarli emasdi. Shuning uchun dadajonimning telefonlaridan “Hilol eBook” ilovasiga kirib, “Hadis va hayot” kitoblarini skrinshot qilib telegram orqali oyijonimga yuborardim.

Keyin har kuni 25 betdan oʻqishni boshlaganman. Bugungi kungacha shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning 83 ta kitobini oʻqib chiqqan ekanman. Yaqinda “Tafsiri Hilol”ning 30-juzini tugatdim. Buni sanab koʻrib, oʻzim ham hayron qoldim.

Orqaga qarasam, bu oʻqigan kitoblarimning har birida bolalalik xotiralar, gʻamli kunlarim, quvonchli kunlarim yashiringan. Xursand boʻlsam ham, kitob olardim, tushkunlikka tushsam ham, kitob doʻkoniga yugurardim. “Hilol-nashr”ning kitoblarni belgilab borish uchun yaratgan roʻyxati ham menga juda yoqadi. Oʻqigan kitoblarimni belgilab borish, hali oʻqilmagan kitoblarni koʻrib oʻqish zavqi oshishi...

Alloh bu ilm yoʻlidagi xizmatlaringizni bardavom qilsin. Shayximizning meroslarini, kitoblarini va ilmiy xizmatlarini avloddan avlodga yetkazishda qilayotgan mehnatlaringizga baraka bersin. Shayximizning kitoblarini koʻp oʻqiganimdanmi, bilmadim, tushimga koʻp kirardilar, oldlarida yurardim, oʻtirardim. U kishining kitoblarini oʻqisam, xuddi oʻzlari dona-dona qilib oʻqib berayotgandek boʻladilar, u kitoblarni men oʻqimayman, shayximiz oʻqib beradilar goʻyo.

Keyinchalik bizda ham “Hadis va hayot” kitobi boʻldi. Ushbu kitobni oʻqishga dugonamni ham targʻib qildim va alhamdulillah, 1 yilda u ham ularni oʻqib tugatdi, keyinchalik toʻyimda, kuyov navkarda dadajonim toʻplamdan kuyov joʻralarga tarqatdilar. “Qizim, ilm tarqatish kerak, ilm”, derdilar. “Hilol-nashr” bilan bogʻliq baʼzi xotiralarim shundan iborat edi, hali bulardan juda bisyor.

Rahmat, “Hilol-nashr”, rahmat, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh.

2022-yil 4-yanvar... “Hilol-nashr”ning Qoʻqondagi filialining ochilish marosimi boʻlgan sana... Havo sovuq va yomgʻir yogʻgan boʻlishiga qaramay, kitobga, ilmga oshiq qalblar oʻsha yerda yigʻilishgan edi. Ochilishni eshitdim.

Kitob doʻkoni uyimiz oldida ekanligidan xursand boʻlib, ochilishga borib qatnashdim. Kitoblarni yaxshi koʻrib, endi oʻqishni boshlagan paytlarim edi... Ochilishda turli savol-javoblar boʻlgan edi va Qoʻqon shahriga boʻlgan hurmatlarini bayon qilib, bizni xursand qilib ketishgandi. Maktab paytlarim edi.

Koʻp kitob oʻqimaganim uchun barcha savollarga emas, baʼzi savollarga javob topa olgandim. Shunda hali koʻp narsalarni bilmasligimni anglab yetganman. Ochilish soʻngida har bir kelgan kishiga bepul kitoblar berishgandi. Shunda men ham bir kitobni oldim.

Nomi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan bir kun”. Koʻp kitobim yoʻq edi. Bu kitobni olgandan keyin oʻsha kuniyoq oʻqishni boshladim. Judayam qiziqib ketganimdan yoʻlda, avtobusda oʻqiyverardim.

Ikki marta oʻqib chiqdim. Kitoblarga mehr qoʻyishimga va kitob oʻqishimga shu “Hilol-nashr” kitob doʻkoni sabab boʻldi. Undan keyin kitob doʻkoniga koʻp kiradigan, hattoki ota-onamdan yashirib, tushlik qilmasdan pullarimni yigʻib, kitob oladigan boʻldim. Shundan keyin shayximizni yaqindan tanidim, u kishining qanday ilmiy meros qoldirib ketganliklarini koʻrdim.

Hazratning barcha kitoblarini oʻqib chiqishni niyat qilib, doim kitobni boshqa kitob doʻkonlaridan emas, aynan “Hilol-nashr”dan oladigan boʻldim. Sababi oʻsha xotira... Hozirgidek esimda. Bir kitob, bir ochilish marosimi bir yosh qizning kitobga muhabbat qoʻyishiga sababchi boʻldi.

Hozir shaxsiy kutubxonam bor va 90% kitoblarim shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohniki. Alloh u kishidan rozi boʻlsin. Har bir kitobxonning kirganda taskin topadigan bir kitob doʻkoni boʻladi. Menda bu kitob doʻkoni – “Hilol-nashr”.

Baʼzan kitob olmasam ham, kirib koʻrib chiqaman. Yangi kitoblarni koʻrib, varaqlab chiqaman. 2026-yil aprel oyida Qoʻqon shahridagi “Hilol-nashr” filiali kengaydi va qayta ochilish marosimi boʻldi. Bu safar esa birinchilardan boʻlib savol-javoblarda qatnashib, kitob yutib oldim.

Ustozlardan dastxatlar olishga muyassar boʻldim. Alhamdulillah.

Manba: hilol.uz